Nogironligi bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etiladi

Nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlash tizimida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etiladi. Bu haqda qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanuvchi ota-onalar uchun yengilliklar joriy etildi. Endilikda har bir farzand uchun oyiga 3 million so‘mgacha to‘lanadigan mablag‘ daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu esa oilalarning moliyaviy yukini sezilarli darajada kamaytiradi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar uchun ham katta imtiyozlar belgilandi. Ular 2030-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlardan (ijtimoiy soliqdan tashqari) ozod etiladi. Bu esa mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar «Inson» markazlari orqali ish qidiruvchi shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yildan ayrim tovarlarga 5 va 3 foizlik boj joriy etilishi haqida yozgandi.