Prezident Rossiya delegatsiyasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qildi

20-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Denis Manturovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda Tatariston va Boshqirdiston respublikalari, Leningrad, Kirov, Irkutsk hamda Omsk viloyatlari, shuningdek, Rossiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Suhbat avvalida Denis Manturov Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar oltinchi «INNOPROM» ko‘rgazmasining 35 mamlakatdan 10 mingdan ortiq biznes vakillari ishtirokida muvaffaqiyatli tashkil qilinganini qayd etdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va sanoat sohasidagi loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo aylanmasining barqaror o‘sib borayotgani, sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, energiya samaradorligi, suv xo‘jaligi, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Texnik yo‘nalishdagi qo‘shma oliy ta’lim muassasalari asosida muhandis kadrlar tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Rossiya hududlari va kompaniyalari vakillari tomonidan O‘zbekistonda yangi investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar hamda aniq rejalar taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tizimli tashkil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgan edi.