«Titanik» yo‘lovchisining qutqaruv jileti 900 ming dollarga sotildi

eʼlon qilindi
Mazkur jilet «Titanik» bilan bog‘liq yodgorliklar auksionining eng qimmat lotiga aylandi
«Titanik» yo‘lovchisining jileti 900 ming dollarga sotildi
«Titanik» yo‘lovchisining jileti 900 ming dollarga sotildi / Foto: History.com

«Titanik» halokatidan omon qolgan yo‘lovchiga tegishli qutqaruv jileti auksionda 670 ming funt sterlingga ($906 ming) sotildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Mazkur jilet «Titanik» bilan bog‘liq yodgorliklar auksionining eng qimmat lotiga aylandi. Savdolar Angliyaning g‘arbiy qismidagi Devizes shahrida joylashgan Henry Aldridge & Son auksion uyi tomonidan o‘tkazildi.

Foto: AP Photo/Sang Tan

Lotni telefon orqali qatnashgan noma’lum xaridor sotib oldi. Yakuniy narx oldindan belgilangan 250–350 ming funt bahodan ancha yuqori bo‘ldi.

Qutqaruv jileti birinchi toifa yo‘lovchisi Mabel Francatelliga tegishli bo‘lgan. U ushbu jilet bilan cho‘kayotgan kemani qutqaruv qayig‘ida tark etgan. Jiletda Francatelli va shu qayiqdagi boshqa tirik qolganlarning imzolari saqlanib qolgan.

Shu auksionda yana bir lot — qutqaruv qayig‘iga tegishli yostiq $527 mingga sotildi. Uni AQShdagi ikki «Titanik» muzeyi egalari xarid qildi.

Auksionchi Andrew Aldridgening aytishicha, bu rekord narxlar «Titanik» tarixi hanuz katta qiziqish uyg‘otayotganini va yo‘lovchilar hamda ekipaj xotirasiga hurmat ifodasi ekanini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, «Titanik» o‘z davrida dunyoning eng hashamatli okean layneri sifatida tanilgan va deyarli cho‘kmaydigan deb hisoblangan. Biroq u ilk safarida Angliyadan Nyu-Yorkka yo‘l olayotib aysbergga urilib, 1912-yil 15-aprelda bir necha soat ichida cho‘kib ketgan. Halokat oqibatida 2,2 mingga yaqin odamdan qariyb 1,5 ming nafari halok bo‘lgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistonning «Atirau» futbol klubi auksion orqali xususiy mulkka oʻtgani haqida yozgandi.

Shuningdek