Yosh oilalar uchun ipoteka kreditida yangi yengilliklar joriy etiladi

Yosh oilalar uchun ipoteka kreditida yangi yengilliklar joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasi loyihasi bilan tanishdi.
Strategiyada yoshlarning ta’lim olishi, ish bilan ta’minlanishi va tadbirkorligini rivojlantirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Shuningdek, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi taklifga ko‘ra, ipoteka dasturi orqali kreditning Markaziy bank stavkasidan yuqori qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda aholi soni 38 mln nafardan oshgan. Shundan 9,5 mln nafari 14–30 yoshdagilarni tashkil etadi. Har yili 270 mingta yangi yosh oila shakllanmoqda.
Strategiyada har yili 600 ming yoshni ish bilan ta’minlash, 2030 yilgacha 900 ming yoshni volontyorlikka jalb qilish kabi maqsadlar belgilangan.
O‘quv markazlari uchun 300 mln so‘mgacha ssuda ajratiladi
Ta’lim sohasida ham yangiliklar bor. O‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar boʻyicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan.
Olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini ochish uchun 300 mln so‘mgacha ssuda ajratish taklif qilindi. Bunday markazlar uchun ijtimoiy soliq va o‘qituvchilarning daromad solig‘i 1% etib belgilanadi.
Xorijiy tilni yaxshi biladigan yoshlar uchun ham yengilliklar beriladi. B2 darajaga ega bo‘lganlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish boji kamaytiriladi. C1 darajaga ega yoshlar va tadbirkorlar uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlari 50 foizgacha arzonlashadi.
Volontyorlikni rivojlantirish uchun 100 mln so‘mgacha grantlar ajratiladi. Faol yoshlar davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilinadi. Ijodkorlar uchun Prezident mukofoti joriy etiladi.
Shuningdek, «Yoshlar ko‘chalari» tashkil etiladi. Bu yerda kitob va Book-kafelar bo‘ladi. Har bir hududda namunaviy «yoshlar tuman-shaharlari» yaratiladi.
Yoshlar salomatligiga ham e’tibor kuchaytiriladi. Ruhiy xavf guruhidagi yoshlar ulushi 40 foizga kamaytiriladi. 24 soat ishlaydigan psixologik aloqa markazi tashkil etiladi. Sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushi 25 foizga oshiriladi.
Milliy yoshlar indeksi tuziladi
Yoshlar bilan ishlashda yangi tizim joriy etiladi. Ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Har payshanba yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkaziladi.
Xalqaro hamkorlik kengaytiriladi. 100 ming nafar yoshning xalqaro dasturlarda ishtiroki ta’minlanadi. BMT, Jahon banki va YTTB bilan hamkorlikda amaliyot dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
2026–2027 yillarda 7 yo‘nalish bo‘yicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi orqali 20 ming yosh o‘qitiladi. 1 mingta loyiha tanlab olinib, ularga 3 yilgacha BHMning 500 baravarigacha ssuda beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston xokkey terma jamoasi jahon chempioni bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Jamoa Mo‘g‘ulistonni 26:1 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, terma jamoamizga Filippin 28:3, Shimoliy Koreya 20:3 va Lyuksemburg 14:0 hisoblarida yengildi.