2026-yilda qo‘shimcha 100 ming gektar yer yangi tartibda auksionga chiqariladi

Joriy yilda qo‘shimcha 100 ming gektar yer yangi tartibda auksionga chiqariladi. Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda yer resurslaridan yanada samarali foydalanish va yer munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi.
Prezidentga taqdim etilgan yer resurslaridan foydalanish bo‘yicha takliflarda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda yer munosabatlarida tizimli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish amaliyoti joriy etildi. Shu vaqtgacha 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratilib, davlat budjetiga 1,4 trln so‘m tushum ta’minlangan.
Islohotlar natijasida yerning samarali egasi shakllanishi tufayli har bir gektardan olinadigan daromad 3 barobar oshib, 50–60 mln so‘mga yetgan. Shuningdek, ushbu yerlarda yiliga 539 trln so‘mlik mahsulot yetishtirilib, $2,1 mlrdlik eksport amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ayrim yerlarning auksionda sotilmay qolayotgani ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, 117,6 ming gektar yer ijarachilarning foydalanish mustaqilligi yetarli emasligi sababli hali aylanmaga to‘liq kirmagan.
Shu bois, 2026-yilda yana 100 ming gektar yer yangi tartib asosida auksionga chiqarilishi belgilangan bo‘lib, bu jarayonda iqtisodiy rag‘batlarni kuchaytirish va yer resurslaridan samarali foydalanish asosiy yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fanlar akademiyasiga tegishli yerning 190 gektari «Toza havo» loyihasiga berilgani haqida yozgan edik.