Apple kompaniyasida bosh direktor o‘zgaradi

Apple Inc. kompaniyasi bosh direktori lavozimida o‘zgarishlar bo‘lishini e’lon qildi. Kompaniyaga ko‘ra, 2011-yildan beri CEO bo‘lib kelayotgan Tim Kuk 1 sentabrdan lavozimni topshiradi.
Uning o‘rniga apparat muhandisligi bo‘yicha katta vitse-prezident Jon Ternus tayinlanadi. Kuk esa kompaniyada ijrochi direktorlar kengashi raisi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Kompaniya ma’lum qilishicha, yoz davomida Kuk va Ternus birgalikda ishlab, rahbarlik vakolatlarini bosqichma-bosqich topshirishni ta’minlaydi.

Xabar e’lon qilingach, kompaniya aksiyalari Nyu-Yorkdagi postmarketda 0,8% ga arzonlashdi. Asosiy savdo sessiyasi esa 1% o‘sish bilan yakunlangan. Jon Ternus 50 yoshda bo‘lib, Apple top-menejerlari orasida eng yoshlardan biri hisoblanadi. U kompaniyada qariyb butun mehnat faoliyatini o‘tkazgan. Pensilvaniya universitetini mexanik muhandislik bo‘yicha tamomlaganidan so‘ng to‘rt yil ichida Apple’ga ishga kirgan.
Ternus iPhone, iPad, Mac, Apple Watch, AirPods va Vision Pro kabi asosiy qurilmalarni ishlab chiqqan jamoalarni boshqargan. Shu bois u kompaniyaning eng muhim texnik yo‘nalishlaridan biri uchun mas’ul bo‘lib kelgan. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, u Tim Kukning ishonchini qozongan va direktorlar kengashi a’zolari tomonidan sun’iy intellekt davrida kompaniyani boshqara oladigan rahbar sifatida baholangan.
So‘nggi yillarda Apple uni kompaniyaning ommaviy yuzi sifatida ham ko‘proq namoyon qila boshladi. Ternus yangi mahsulot taqdimotlarida ishtirok etdi va muhim intervyular berdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Apple Mac kompyuterlarini yetkazib berishni 9 foizga oshirgani haqida yozgan edi.