Kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlar soddalashtirilgan tarzda undiriladi

Pochta va videokonferensaloqa xarajatlari, kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlar, ko‘p kvartirali uylardagi majburiy badallar soddalashtirilgan tarzda undiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, bu tartib BHMning 5 baravaridan oshmaydigan summalarga ham tatbiq etiladi. Qonunda davlat ijrochisi uchun bir qator majburiy choralar ham belgilangan. Ularga ko‘ra, qarzdorning bank hisobidagi mablag‘lariga undiruv qaratilishi mumkin. Shuningdek, belgilangan chegara doirasida qarzni ish haqi, pensiya, stipendiya yoki boshqa daromadlardan ushlab qolish orqali ham undirish mumkin.
Biroq ayrim holatlar uchun istisno kiritildi. Jumladan, videokonferensaloqa xarajatlari, kommunal to‘lovlar va ko‘p kvartirali uy badallari bo‘yicha qarzlar uchun ushbu majburiy choralar qo‘llanilmaydi.
Ma’lumot uchun, Soddalashtirilgan tartibda undirish — bu qarzni oddiy va tez usulda undirish jarayoni hisoblanadi. Bu tartibda ortiqcha hujjatbozlik, sudga qayta-qayta chaqirish yoki uzoq tekshiruvlar bo‘lmaydi. Asosiy maqsad — kichik yoki aniq qarzlarni qisqa vaqt ichida undirish.
Bu jarayonda davlat ijrochisi qarzdorni uzoq tekshirmaydi. Agar qarz mavjudligi hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, u holda darhol amaliy choralar ko‘riladi. Masalan, qarzdorning bank hisobida pul bo‘lsa, mablag‘ shu yerning o‘zida undirib olinadi. Agar bankda pul yetarli bo‘lmasa, ayrim hollarda ish haqi yoki boshqa daromadlardan ushlab qolish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri kredit va mikroqarz reklamalarida majburiy ogohlantirish joriy etilishi haqida yozgan edi.