Yerlarni ijaraga berish muddati 49 yil etib belgilanadi

O‘zbekistonda yerlarni ijaraga berish muddati noqishloq xo‘jaligi yerlari (sanoat, qurilish va boshqalar) uchun 49 yil etib belgilandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.
Taqdimotda qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish tizimini takomillashtirish zarurati mavjud bo‘lib, yer ijara muddatlarini uzaytirish va shaffof mexanizmlarni joriy etish masalasi dolzarb hisoblanadi. Bugungi kunda qariyb 100 ming gektar yerning ijara muddati tugagan bo‘lib, tadbirkorlar ushbu jarayonni qayta auksionsiz, qulay tartibda uzaytirishni taklif qilmoqda.
Yangi takliflarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi yerlari uchun ijara muddati 30 yilgacha, noqishloq xo‘jaligi yerlari, jumladan sanoat va qurilish loyihalari uchun esa 49 yilgacha uzaytirilishi ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi. Jarayon davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yer munosabatlarida raqamlashtirishni kengaytirish, kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini integratsiya qilish hamda yer ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengroq qo‘llash taklif etildi. Yer huquqini garov sifatida ishlatish orqali kredit, lizing va bank kafolatlarini olish imkoniyati ham kengaytirilishi mumkin.
Qolaversa, yer nazorati va javobgarlik tizimini kuchaytirish, yer toifasini o‘zgartirish jarayonlarini raqamlashtirish hamda investitsiya jarayonlarida shaffoflikni oshirish bo‘yicha ham qator chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda qo‘shimcha 100 ming gektar yer yangi tartibda auksionga chiqarilishi haqida yozgan edik.