«AQSh – O‘zbekiston biznes darvozasi» nomli maxsus platforma ishga tushiriladi

O‘zbekistonda AQSh investorlari uchun «AQSh – O‘zbekiston biznes darvozasi» nomli maxsus raqamli platforma yaratilishi mumkin. Bunga doir loyiha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, platforma amerikalik investorlar uchun davlat xizmatlarini masofadan va soddalashtirilgan tartibda olish imkonini beradi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, Amerika kapitali ishtirokidagi korxonalar uchun qulay biznes muhit yaratish va investitsiyalar oqimini tezlashtirishdan iborat.
Platforma orqali investorlar barcha asosiy davlat xizmatlarini «yagona darcha» tamoyili asosida oladi. Bunda O‘zbekistonga kelmasdan turib, FaceID orqali shaxsni tasdiqlash, kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, bank hisobvarag‘i ochish va hujjatlar holatini kuzatish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, tizim vazirlik va idoralar axborot bazalari bilan bog‘lanadi. Bu ma’lumot almashishni tezlashtiradi va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytiradi. Investorlar murojaatlari real vaqt rejimida kuzatiladi, davlat organlari majburiyatlari ham onlayn monitoring qilinadi.
Platformada akkreditatsiyadan o‘tgan yuridik, konsalting, auditorlik, rekruting va boshqa biznes xizmatlari ko‘rsatuvchi hamkorlar ro‘yxati ham bo‘ladi. Investorlar ulardan elektron tarzda foydalanishi mumkin.
Yangi tizim operatori etib Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi «Raqamlashtirish markazi» MChJ belgilandi. Markaz platformaning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi va texnik qo‘llab-quvvatlashiga javob beradi. Investorlar uchun 24 soat davomida ingliz tilida maslahat xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Markaziy bankka tijorat banklari bilan birga ikki oy ichida platforma orqali hisobvaraqlarni masofadan ochish mexanizmini joriy etish topshirildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi esa platformani «O‘zbektelekom» ma’lumotlar markazida bepul joylashtiradi.
Platforma orqali kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, soliq xizmatlari, litsenziya va ruxsatnomalar olish, bojxona xizmatlari, yer va bino bo‘yicha auksionlarda qatnashish, viza rasmiylashtirish, muhandislik tarmoqlariga ulanish, notarial xizmatlar va bank xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Hujjatga ko‘ra, platforma o‘zbek, rus hamda ingliz tillarida ishlaydi. Foydalanuvchilar murojaatlari, shikoyatlari va hujjatlarining ko‘rib chiqilish jarayoni ham onlayn tarzda kuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy investorlar va O‘zbekiston: kutilmalar, xavflar va signallar haqida Kursiv Research Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulev bilan suhbatlashgandi.