Instagram’ni boshqaradigan Meta kompaniyasi yangi sun’iy intellekt mahsulotini taqdim etdi

Meta kompaniyasi o‘zining yangi sun’iy intellekt (SI) mahsuloti – Muse Spark’ni taqdim etdi. Bu loyiha kompaniyaning SI yo‘nalishidagi qayta tashkil etilgan jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan ilk mahsulot hisoblanadi.
Model matn, rasm, video va ovozni tahlil qila oladi. U foydalanuvchi savollariga javob beradi, fotosuratlar asosida ma’lumot beradi va hatto mini-o‘yinlar ham yaratishi mumkin. Muse Spark boshqa SI modellardan farqli ravishda ochiq emas. Uni faqat Meta ruxsati bilan ishlatish mumkin. Bu esa kompaniyaga xizmatni monetizatsiya qilish imkonini beradi.
Meta SI rivoji uchun katta mablag‘ ajratmoqda. 2026-yilda kompaniyaning SI bilan bog‘liq xarajatlari $115 mlrd dan $135 mlrd gacha yetishi kutilmoqda.
Ekspertlar fikricha, kompaniya asosiy daromadni reklama orqali olishda davom etadi. Yangi model Facebook, Instagram va WhatsApp platformalariga integratsiya qilinadi. Bu foydalanuvchilar faolligini oshirib, reklama samaradorligini kuchaytiradi.
Shuningdek, SI elektron savdo yo‘nalishida ham qo‘llanilishi mumkin. Model foydalanuvchilarga mahsulot tanlashda yordam beradi. Bozor Muse Spark’ni ijobiy qabul qildi. Model taqdimotidan so‘ng Meta aksiyalari qariyb 10 foizga oshdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri WhatsApp yangi Plus obuna xizmatini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.