Mirziyoyev Mintaqaviy ekologik sammitda qanday takliflarni ilgari surdi

Shavkat Mirziyoyev Mintaqaviy ekologik sammitdagi so‘zlagan nutqida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Birinchi taklif «Markaziy Osiyoning toza havosi» davlatlararo konsorsiumini tashkil etishga qaratilgan. Ushbu tuzilma sanoatni modernizatsiya qilish va zararli chiqindilarni kamaytirishga xizmat qiladi. Ikkinchi tashabbus Yashil universitet huzuridagi markazga mintaqaviy maqom berish bilan bog‘liq. Bu markaz cho‘llanish, qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlarini oldindan aniqlash tizimini kuchaytiradi.
Uchinchi taklif «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni yaratishni nazarda tutadi. Bu orqali ekologik mahsulotlar uchun imtiyozli bojxona sharoitlari joriy etilishi mumkin. To‘rtinchi tashabbus yagona mintaqaviy investitsiya portfelini shakllantirishga qaratilgan. Bu ekologik loyihalarni tizimli ravishda amalga oshirish imkonini beradi.

Beshinchi taklif Markaziy Osiyodagi ekologik o‘zgarishlar bo‘yicha yagona atlas yaratishdan iborat. Bu ilmiy va tahliliy asos sifatida xizmat qiladi. Oltinchi tashabbus biologik xilma-xillikni saqlash uchun «Markaziy Osiyo Qizil kitobi»ni ishlab chiqishni nazarda tutadi. Bu platforma yo‘qolib borayotgan turlarni himoya qilishga xizmat qiladi.
Yettinchi taklif ekologik ta’lim va yoshlar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan. Shu doirada 2027-yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Sakkizinchi tashabbus esa xalqaro ekologik tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq. Jumladan, Samarqandda Global ekologik fond assambleyasi va suvni tejash bo‘yicha forum tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat rahbari mamlakatda olib borilayotgan ekologiyani yaxshilashga qaratilgan ishlarni ham sanab o‘tdi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida bugungi kunga qadar qariyb 1 mlrd tup daraxt va buta ekildi. Shu bilan birga, Orol dengizining qurigan tubida 2 mln gektardan ortiq hududda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi «yashil belbog‘lar» shakllantirilmoqda.
Suv resurslarini tejash borasida ham sezilarli natijalarga erishilgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga 10 mlrd kub metr suv iqtisod qilinmoqda. Energetika sohasida esa «yashil» energiya ulushi 30 foizga yetdi. Rejalarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich joriy o‘n yillik oxiriga borib 50 foizdan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mirziyoyev Ostona sammitida milliy pavilyonlarni ko‘zdan kechirgani haqida yozgan edi.