Mirziyoyev Ostona sammitida milliy pavilyonlarni ko‘zdan kechirdi — foto

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrifi doirasida Ostona shahridagi «EXPO» markazida o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammit ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sammitda ekologik siyosatning asosiy yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Ular iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligi, ekotizimlar barqarorligi va tabiiy xavflarga moslashishni qamrab oladi. Shuningdek, chiqindilarni boshqarish, havo ifloslanishini kamaytirish va «yashil» iqtisodiyotga o‘tish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Ko‘rgazmada ishtirokchi davlatlar o‘z yutuqlari va kelgusi rejalari bilan tanishtirdi. O‘zbekiston pavilyoni interaktiv va multimedia elementlari bilan tashkil etildi. Unda mamlakatning ekologiya va iqlim siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlari namoyish qilindi.
Pavilyonda «Chiqindisiz hudud», «Toza havo», «Yashil makon», «Ekomadaniyat», «Biomeros» va «Ekologik ta’lim» kabi loyihalar taqdim etildi. Ushbu tashabbuslar ekologik rivojlanishning zamonaviy modelini shakllantirishga qaratilgan.

Taqdimotda Orol dengizi muammosi va uning oqibatlarini yumshatish masalalari ham alohida tilga olingan. Shu bilan birga, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Prezident Ostona shahriga amaliy tashrif bilan borgani haqida yozgan edi.