Neft narxi 130 dollargacha oshishi mumkin — Citigroup prognozi

Citigroup tahlilchilariga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi uzoq muddat yopiq qolsa, neft narxi $130 gacha ko‘tarilishi mumkin. Bu haqda CNBC xabar berdi.
Bank mutaxassislari yil oxirigacha neft bozori uchun uchta asosiy ssenariyni ko‘rib chiqdi. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, vaziyatga qarab narxlar $95 dan $130 gacha o‘zgarishi mumkin. Bozor tiklanishi to‘liq ravishda bo‘g‘oz orqali yetkazib berish qachon tiklanishiga bog‘liq.
Bazaviy ssenariyda AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik pasayadi. Yetkazib berish may oyida tiklana boshlaydi va iyun oxiriga kelib normallashadi. Bu holatda global zaxiralar qariyb 900 mln barrelga kamayadi. Brent narxi ikkinchi chorakda $95 atrofida bo‘ladi, yilning ikkinchi yarmida esa $75–80 gacha tushadi. Shunga qaramay, iyun oxiriga borib zaxiralar so‘nggi sakkiz yil ichidagi eng past darajaga tushishi mumkin.
O‘rtacha ssenariyda uzilishlar yana bir oy davom etadi. Bu vaqtda yuk oqimlari qisman Babelmandeb bo‘g‘ozi va Qizil dengiz orqali yo‘naltiriladi. Shuningdek, Fujayra orqali aylanib o‘tish ko‘zda tutiladi. Bunday vaziyatda yetkazib berish yo‘qotishlari 1,3 mlrd barrelga yetadi. Narxlar $110 gacha ko‘tarilib, keyinchalik $80–90 oralig‘ida barqarorlashadi.
Eng salbiy ssenariyda uzilishlar 8–9 hafta davom etadi. Bu global bozorda 1,7 mlrd barrel hajmida tanqislikka olib keladi. Natijada neft narxi uchinchi chorakkacha $130 atrofida ushlanib turishi mumkin. Keyin esa yil oxiriga borib $100 gacha pasayadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hormuz bo‘g‘ozidagi keskinlik fonida gaz va neft narxi deyarli 10 foizga qimmatlashgani haqida yozgan edi.