O‘zbekiston Max messenjeridan foydalanish bo‘yicha xorijiy davlatlar orasida yetakchiga aylandi

O‘zbekiston Max messenjerida ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Belarusni ortda qoldirib, xorijiy davlatlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda ilova yaratuvchisi bo‘lgan VK Company ma’lum qildi.
Ro‘yxatdan o‘tgan davlatlarning kuchli beshligiga O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kirdi. Hozirda ushbu tarmoqda jami 40 ta davlat fuqarolari ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. MDH mamlakatlari aholisi o‘tgan yilning noyabr oyida tizimga ulangan bo‘lsa, 2026-yilning mart oyidan boshlab Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi foydalanuvchilari ham platformaga qo‘shildi.

Xorijliklar dastur orqali har kuni 1,5 mlnta qo‘ng‘iroqni amalga oshirib, 20 mlndan ortiq xabar yubormoqda. Aprel oyi boshiga kelib, dasturda ro‘yxatdan o‘tganlarning umumiy soni 110 mln kishiga yetdi. Messenjerning kunlik faol auditoriyasi 80 mln foydalanuvchidan oshgan. Max raqamli platforma va messenjer bo‘lib, u orqali audio va video qo‘ng‘iroqlar, chatlar, yirik fayllarni jo‘natish hamda pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin.
Tizimda axborot kanallari test rejimida ishlamoqda. Shuningdek, platformaga kundalik vazifalarni hal qilishga yordam beruvchi biznes-servislar «mini-ilova» va chat-botlar formatida integratsiya qilingan. Dastur Rossiya dasturiy ta’minot reyestriga kiritilgan bo‘lib, turli qurilmalar uchun barcha versiyalarda mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Max O‘zbekistonda Play Marketning eng ommabop ilovasiga aylangani haqida xabar bergan edi.