
«Real Madrid» La Liganing 33-turida o‘z maydonida «Alaves»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Mehmonlar o‘yin oxirida hisobni qisqartirgan bo‘lsa-da, qirollik klubi ustunlikni saqlab qoldi.
Uchrashuv boshida o‘yin sur’ati uncha yuqori bo‘lmadi. Madrid jamoasi to‘pni ko‘proq nazorat qildi, biroq «Alaves» ham xavfli hujumlar bilan javob berdi. Dastlabki daqiqalardayoq mehmonlar yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo darvozabon Andriy Lunin jamoasini qutqardi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib «Real» bosimni oshirdi. Jamoa qanotlardan tez-tez hujum uyushtira boshladi. 32-daqiqada Kilian Mbappe uzoqdan zarba yo‘llab, rikoshet orqali hisobni ochdi. Tanaffusgacha mezbonlar ustunlikni oshirishi mumkin edi. Mbappe yana bir vaziyatdan foydalana olmadi, Eder Militao esa to‘pni to‘singa tekkizdi. Himoyachi keyinchalik jarohat olib, maydonni tark etdi.
Ikkinchi bo‘limda «Alaves» o‘yinni tezlashtirishga harakat qildi. Ammo «Real» tez orada nazoratni qaytarib oldi. 51-daqiqada Vinisius Junior jarima maydoni oldidan aniq zarba yo‘llab, hisobni 2:0 ga yetkazdi. Shundan keyin mezbonlar ishonchli o‘ynadi. Mbappe, Tchuameni va Brahim Dias zarbalaridan keyin darvozabon Sivera bir necha bor jamoasini qutqardi.
O‘yin yakunida «Alaves» bosimni kuchaytirdi. 90-daqiqada Antonio Martines aniq zarba bilan hisobni qisqartirdi. Shunga qaramay, qolgan daqiqalarda mehmonlar gol ura olmadi. «Real Madrid» 2:1 hisobida g‘alabani saqlab qoldi va navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Bavariya» Bundesligada 35-chempionlikni qo‘lga kiritgani haqida yozgan edi.