Umumiy ovqatlanish joylarida alkogolni naqd pulga sotishga ruxsat beriladi

eʼlon qilindi
Soliq qo‘mitasi raisi tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgani va idoralar bilan kelishilayotganini ma’lum qildi
Foto: Savdo-sanoat palatasi

O‘zbekistondagi umumiy ovqatlanish joylarida yaqin kunlarda alkogol mahsulotlarini naqd pul orqali sotish imkoniyati qayta tiklanadi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov ma’lum qildi.

«Bu bizning aybimiz. Bu bo‘yicha ishlayapmiz, yaqin kunlarda yechim beramiz. Masala bo‘yicha kerakli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Oshxona va mehmonxonalarda alkogolli mahsulotlarga alohida, oziq-ovqatlarga alohida pul to‘lashmoqda. Bu muammoni hal qilib beramiz», — dedi Soliq qo‘mitasi raisi.

Mamlakatda joriy yilning 1-aprelidan boshlab ayrim xizmat turlari, xususan, alkogol mahsulotlari savdosini faqat naqdsiz to‘lovlar orqali amalga oshirish tartibi o‘rnatilgan edi. Hozirda mazkur tartibga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan maxsus hujjat loyihasi tayyorlangan. U boshqa tegishli davlat idoralari bilan kelishish bosqichida turibdi.

Shuningdek, muloqot davomida xorijlik sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida mehmonxonalarda turistik yig‘imni naqd pul ko‘rinishida qabul qilishga ham imkoniyat yaratilgani qayd etildi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Ushbu amaliy muammolar avvalroq Savdo-sanoat palatasi tomonidan soliq maslahatchilari, auditorlar hamda buxgalterlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda mutaxassislar tomonidan ko‘tarilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan soliqdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jazo choralari kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek