2030-yilgacha «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturida 20 ming nafar yoshlar o‘qitiladi

eʼlon qilindi
Mazkur dastur 2030-yilgacha 20 ming nafar yoshni tadbirkorlikka o‘qitishni nazarda tutadi
«Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi qanday ishlaydi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda yoshlar bandligini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi ishga tushiriladi. Mazkur dastur 2030-yilgacha 20 ming nafar yoshni tadbirkorlikka o‘qitishni nazarda tutadi.

Unda mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek, xususiy sektor vakillari jalb qilinadi. Ishtirokchilar tanlov asosida saralanadi. Dastur doirasida yoshlarga biznes loyiha tuzish, mahsulotni bozorga chiqarish va faoliyatni kengaytirish bo‘yicha bilimlar beriladi. Yakunda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 1 ming nafar ishtirokchi maxsus sertifikat bilan taqdirlanadi.

Sertifikat olgan yoshlarga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham beriladi. Ularga BHMning 500 baravarigacha miqdorda kredit ajratiladi. Kredit stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida bo‘ladi. Mablag‘lar 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan beriladi. Qaror bilan yana bir qator yengilliklar ham belgilandi. 2026-yil 1-avgustdan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga 2 yil davomida bepul buxgalteriya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu imtiyoz yoshlar rahbarlik qilayotgan xo‘jaliklarga tatbiq etiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan yoshlar tashkil qilgan bizneslarni infratuzilmaga ulash xarajatlari qisman qoplab beriladi. Elektr, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish uchun sarflarning bir qismi davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Biznes himoya» QR-kod tizimi doirasida nazorat jarayonlari raqamlashtirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek