Endilikda yer va binolarga egalik bilan bog‘liq ishlar hakamlik sudlarida ko‘rib chiqilmaydi

Endilikda yer va binolarga egalik, Davlat budjeti hamda davlat tashkilotlaridan pul undirish bilan bog‘liq ishlar hakamlik sudlarida ko‘rib chiqilmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi qabul qilingan qonun bilan hakamlik sudyalariga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirildi. Endi ular Adliya vazirligi tasdiqlagan maxsus dastur asosida o‘quv kursidan o‘tishi shart. Bundan tashqari, sudyalar o‘z malakasini doimiy ravishda oshirib borishi kerak bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik choralariga ham o‘zgartirish kiritildi. Hakamlik sudlarini noqonuniy tashkil etgan mansabdor shaxslarga jarima belgilanadi. Jarima miqdori BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha bo‘ladi.
Shuningdek, davlat organlari va davlat ulushi mavjud korxonalar hakamlik bitimida taraf sifatida qatnashgan taqdirda ham javobgarlik ko‘zda tutilgan. Agar bunday holatda jinoyat alomatlari bo‘lmasa, mansabdor shaxslarga xuddi shunday miqdorda jarima qo‘llanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri soliqdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jazo choralari kuchaytirilgani haqida yozgan edi.