Markaziy bank Raiffeisen Bank uchun hisobvaraqlar ochdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raiffeisen Bank International AG (RBI) uchun milliy va xorijiy valyutada vakillik hisobvaraqlarini ochdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bankning O‘zbekistonga kirib kelishi moliya bozorining ochiqligini oshiradi. Mazkur qaror davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi. Xorijiy investorlar ikkilamchi bozorda faolroq ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, bozorda daromadlilik egri chizig‘i shakllanishi tezlashadi. Bu savdolar hajmi oshishi bilan asosiy muddatlar bo‘yicha aniq indikatorlarni yuzaga keltiradi. Xorijiy kapital oqimi ortishi uzoq muddatli moliyaviy resurslarni kengaytiradi. Bu iqtisodiyotda barqaror moliyalashtirish manbalarini kuchaytiradi.
Moliyaviy instrumentlar likvidligi oshishi pul-kredit siyosati samaradorligini ham yaxshilaydi. Markaziy bank qarorlarining bozorga ta’siri kuchayadi.
Ma’lumot uchun, bank Avstriyada joylashgan yirik xalqaro bank bo‘lib, Yevropa va boshqa hududlarda faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari yuqorilagani haqida yozgan edi.