O‘zbekistonda 1-apreldan buyon 22 mingdan ziyod haydovchi 5 jarima bali to‘pladi

O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab kameralar va radarlar orqali qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishlamoqda. Yangi tizim doirasida shu vaqtga qadar 22 ming 638 nafar haydovchi 5 jarima balini to‘plagan.
Tizim ishga tushganidan beri qoidabuzarlik sodir etgan 3 nafar haydovchiga 10 balldan jarima yozilgan. Hozirgi kunga qadar belgilangan eng yuqori me’yor – 12 ball to‘plagan haydovchilar ro‘yxatga olinmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bir yil davomida 12 balldan ko‘p yig‘gan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oy muddatga mahrum qilinadi. Ular haydovchilik huquqini faqat jazo muddati yakunlangach va qayta imtihon topshirgandan so‘nggina tiklashi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda 165 mingdan ortiq haydovchilarga jarima ballari berilgani haqida xabar bergan edi.