Qurilish boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi qo‘lga olindi

Namangan viloyatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, mansabdorlar o‘zaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga tegishli Yangi Namangan tumanida joylashgan 2 qavatli noturar bino bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qilgan. Ular qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i hamda loyiha hujjatlarini ijobiy hal qilib berish evaziga $22 ming talab qilgan.
Joriy yilning mart oyida ushbu mablag‘ning $7 ming olingan. Qolgan $15 mingni olish jarayonida esa tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbirda mansabdorlardan biri pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, ikkinchi bosh mutaxassis ham protsessual tartibda qo‘lga olindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda bank amaldori $40 ming pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.