13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanadi, Chevrolet Cobalt uchun kontraktatsiya ochiladi — 24-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar

13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanadi, Chevrolet Cobalt uchun kontraktatsiya ochiladi — 24-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Ikkita O‘zbekiston kompaniyasi YI sanksiyalar ro‘yxatiga tushdi

Farg‘ona kimyo zavodi va Jizzaxda faoliyat yuritadigan «Raw Materials Cellulose» MChJ kompaniyalari Yevropa Ittifoqi (YI)ning sanksiyalar ro‘yxatiga kirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Farg‘ona kimyo zavodi» MChJ paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi. YI hujjatlarida ushbu mahsulot Rossiyadagi ayrim korxonalarga yetkazib berilgani qayd etilgan. Bu korxonalar esa uni harbiy maqsadlarda, xususan, porox ishlab chiqarishda ishlatgani aytilmoqda.
QQSni qaytarish jarayonini soddalashtirilmasa, biz stavkani 6 foizgacha tushirishni taklif qilamiz — Savdo-sanoat palatasi rahbari

Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxabov QQSni qaytarish jarayonini soddalashtirilmasa, palata stavkani 6 foizgacha tushirishni taklif etishi haqida ma’lum qildi. Masalan, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi tizimda soliqni qaytarish amaliyoti to‘liq ishlamayapti. Shu sababli tadbirkorlar uchun qulayroq va sodda model zarur. Vaxabov avval ham hukumatga muqobil variant sifatida aylanmadan 6 foizlik soliq joriy etish taklifi kiritilganini eslatgan.
Dollar haftani kichik o‘sish bilan boshlaydi

27-aprel uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar 4,52 so‘mga oshib, 12 020,48 so‘mni tashkil qildi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 3,13 so‘mga tushib, 14 048,33 so‘mni, rubl esa 1,53 so‘mga tushib, 168,77 so‘mni tashkil etdi.
Inflyatsiyaga ta’sir qiladigan iste’mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi o‘zimizniki — prezident

Shavkat Mirziyoyev inflyatsiyaga ta’sir qiladigan iste’mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi mahalliy bozorda ishlab chiqarilishini qayd etdi. Bu haqda u hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlari tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilgan.
Yil boshidan jahon bozorida neft narxi qariyb 40 foizga oshgani qayd etildi. Global ziddiyatlar sabab logistika yo‘nalishlari o‘zgarib, tashish xarajatlari keskin ko‘tarilmoqda. Bu eksportda ham, importda ham qo‘shimcha xarajatlarga olib kelmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, transport xarajatlari 25 – 30 foizga oshgan.
Toshkentda dizayn-kod sabab tadbirkorga elektr ta’minotini uzish bilan tahdid qilindi

Toshkent shahrida tashqi reklama va dizayn-kod masalalari bo‘yicha tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqotda tadbirkorlardan biri peshlavhani olib tashlamasa obyektdagi elektr ta’minotini uzish bilan bosim qilingani haqida gapirdi.
«Dim Dream» restorani rahbari Mariyaning aytishicha, o‘zini tanishtirmagan hokimiyat xodimi 1 kvadrat metrdan katta peshlavhani darhol yechishni talab qilgan.
44 ta tumanda elektr tarmoqlari rahbarlari ishdan olinadi

O‘zbekiston prezidenti raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida elektr yo‘qotishlari yuqori bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari rahbarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi. Ularning o‘rniga yosh kadrlarni tayinlash va yo‘qotishlarni ikki karra kamaytirish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mazkur 44 ta tumanda elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan oshgan. Yangi tayinlanadigan rahbarlar uchun yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha maxsus KPI tizimi belgilanadi.
O‘zbekistonda naslli qoramol va go‘sht importi uchun yangi subsidiyalar joriy etildi

Logistikadagi uzilishlar oqibatida O‘zbekistonda joriy yilning birinchi choragida qoramol importi ikki barobarga kamaydi. Bunga yechim sifatida samolyotda tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi va go‘sht importida transport xarajatining yarmi qoplanishi yo‘lga qo‘yildi.
Go‘sht ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida tadbirkorlar uchun muqobil transport koridorlari ko‘paytiriladi. Rejaga ko‘ra, ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha esa jami 130 ming tonna go‘sht importi ta’minlanishi kerak. Mutasaddilarga yuk tashishdagi to‘siqlarni onlayn monitoring qilish hamda tadbirkorlar murojaatini kutmasdan muammolarni operativ hal etish topshirildi.
Qozogʻiston Oʻzbekistonga neft eksportini boshlashi mumkin

Qozogʻiston Oʻzbekistonga neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ikki davlat oʻrtasida energetika sohasidagi hamkorlik kengaymoqda. Tomonlar Rossiya gazini tranzit qilish, shuningdek, neft yetkazib berish masalalarini muhokama qildi.
Banklarda «Sun’iy intellekt maslahatchisi» platformasi ishga tushiriladi

Shavkat Mirziyoyev banklarda «Sun’iy intellekt maslahatchisi» platformasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Bu tizim tadbirkorlarga loyiha tahlili, risklar va bozor talabini baholashda yordam beradi.
13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanadi

13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanadi. Shavkat Mirziyoyev Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur va Sergeli tumanlari sanoat rejasini bajara olmaganini tanqid qildi.
Shu sabab ushbu tuman hokimlariga rejaga yetmagan ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, intizomiy jazo qo‘llash topshirildi.
Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun kontraktatsiya ochiladi

«UzAuto Motors» AJ Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya boshlanishini e’lon qildi. Kompaniya ma’lum qilishicha, yuqori talab va ko‘plab murojaatlar sabab barcha komplektatsiyalar uchun shartnomalar ochiladi.
Kontraktatsiya 2026-yil 28-aprel kuni soat 10:00 dan boshlanadi. Mijozlar shartnomani uzavtosavdo.uz sayti orqali onlayn rasmiylashtirishi yoki rasmiy dilerlik markazlariga murojaat qilishi mumkin.