Intel kompaniyasining aksiyalari 20 foizga o‘sdi

Intel kompaniyasining aksiyalari choraklik hisobotdan keyin kengaytirilgan savdolarda qariyb 20 foizga ko‘tarildi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.
Investorlar hisobotni kutilganidan ancha yaxshi deb baholadi. Bu Intel uchun so‘nggi yillarda davom etgan pasayishdan keyingi tiklanish belgisi sifatida qabul qilindi. Moliyaviy natijalarga ko‘ra, kompaniya daromadi bir yil ichida 7,2 foizga oshib, $13,58 mlrdni tashkil etdi. Bozor esa $12,42 mlrd atrofida natija kutgan edi.
Har bir aksiya uchun foyda $0,29 bo‘ldi. Bu prognoz qilingan $0,01 dan ancha yuqori. Eng katta o‘sish data-markazlar segmentida kuzatildi. Ushbu yo‘nalishdagi tushum 22% ga oshib, $5,1 mlrdga yetdi. Bu SI infratuzilmasiga talab ortgani bilan bog‘lanmoqda.
Intel yangi texnologiyalarni ham faol joriy qilmoqda. Core Ultra Series 3 protsessorlari allaqachon sotuvga chiqdi. Yangi Xeon 6+ server chiplar ham bozorga taqdim etildi. Kompaniya prognoziga ko‘ra, kelgusi chorakda daromad $13,8 mlrd dan $14,8 mlrdgacha yetishi mumkin. Bu ham bozor kutganidan yuqori.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Intel Ilon Maskning Terafab chip loyihasiga qo‘shilgani haqida yozgan edi.