QQSni qaytarish jarayonini soddalashtirilmasa, biz stavkani 6 foizgacha tushirishni taklif qilamiz — Savdo-sanoat palatasi rahbari

Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxabov QQSni qaytarish jarayonini soddalashtirilmasa, palata stavkani 6 foizgacha tushirishni taklif qilishi haqida ma’lum qildi. Masalan umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi tizimda soliqni qaytarish amaliyoti to‘liq ishlamayapti. Shu sababli tadbirkorlar uchun qulayroq va sodda model zarur. Vaxabov avval ham hukumatga muqobil variant sifatida aylanmadan 6 foizlik soliq joriy etish taklifi kiritilganini eslatgan.
Uchrashuvda ayrim biznes vakillari QQSga o‘tish mezonlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Ularning fikricha, narxlar oshgani sari aylanma ham ko‘paymoqda va kichik biznes subyektlari tezda belgilangan chegaraga yetib qolmoqda. Hozirgi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlar QQS to‘lovchisiga aylanadi va 12 foizlik stavka qo‘llanadi. Nazariy jihatdan soliqni qaytarish va hisobdan chiqarish mexanizmlari mavjud.
Biroq Vaxabov mezonni oshirish masalasini maqsadga muvofiq emas deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, QQS zanjiri ko‘plab sohalarni qamrab olgani uchun bu tizimni o‘zgartirish murakkab oqibatlarga olib kelishi mumkin.
«Agar keshbek qaytarish soddalashtirilmasa, 6 foizlik QQS stavkasi joriy etilishini taklif qilamiz», — degan u.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chirchiqda 2 mlrd so‘mlik QQS firibgarligi aniqlangani haqida yozgan edi.