Sirdaryoda 2,5 mlrd so‘mlik yashirin meva olib kirishga urinishning oldi olindi

eʼlon qilindi
84 tonnadan ortiq
Foto: Bojxona qo’mitasi matbuot xizmati

«Sirdaryo» chegara bojxona postida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga urinish aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi raisining matbuot kotibi xabar berdi.

Holat 21 – 22-aprel kunlari tekshiruv davomida fosh bo‘lgan. Hujjatlarga ko‘ra, 7 ta yuk mashinasida olma, nok va apelsin olib kirilayotgani ko‘rsatilgan. Biroq tekshiruv vaqtida 84 tonnadan ortiq mandarin hujjatlarda umuman qayd etilmagani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, bojxona xodimlarini chalg‘itish uchun mevalar aralash yuklangan. Old qismga hujjatdagi mahsulotlar, ichki qismga esa yashirilgan mandarinlar joylashtirilgan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning qiymati 2,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Mevalar vaqtincha saqlovga olingan.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «AQSh – O‘zbekiston biznes darvozasi» nomli maxsus platforma ishga tushirilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, platforma amerikalik investorlar uchun davlat xizmatlarini masofadan va soddalashtirilgan tartibda olish imkonini beradi.

Shuningdek