Biznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kod qarorini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi

Biznes-ombudsman (Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil) Toshkent shahar Kengashining dizayn-kodga oid qarorini o‘rganib chiqdi. Tahlil natijasida hujjatning ayrim bandlari qonunchilikka zid ekani aniqlandi.
Gap 2026-yil 17-fevraldagi qaror haqida ketmoqda. U bilan poytaxtda dizayn-kod qoidalarini joriy etish choralari belgilangan. Biroq hujjat tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri bo‘yicha majburiy tartibda kelishilmasdan qabul qilingan. Amaldagi qonunga ko‘ra, biznesga ta’sir qiluvchi normativ hujjatlar Biznes-ombudsman bilan kelishilishi shart. Ushbu talab buzilgani qayd etildi.
Shuningdek, qarorda reklama vositalari uchun «past to‘yingan» va «neytral» rang kabi tushunchalarga aniq huquqiy izoh berilmagan. Bu esa talqinlarda turlicha yondashuvga olib kelishi mumkin. Ranglarni bir xillashtirish talabi esa ayrim brendlarning ro‘yxatdan o‘tgan savdo belgilariga zid kelishi ehtimoli bor.
Shuningdek, bir nechta obyektga ega tarmoq kompaniyalari manfaatlari yetarli darajada hisobga olinmagan. Yangi talablarni joriy etish uchun berilgan 3 oylik muddat ham yetarli emasligi ta’kidlandi. Qarorda bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmi ko‘zda tutilmagan.
Biznes-ombudsman kiritgan xulosada dizayn-kodga oid normalarni qayta ko‘rib chiqish, ayrim bandlarga o‘zgartirish kiritish va kuchga kirish muddatini uzaytirish taklif etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda dizayn-kod sabab tadbirkorga elektr ta’minotini uzish bilan tahdid qilingani haqida yozgan edi.