Chernobil fojiasi: SSSR tarixidagi eng yirik fojia qanday yuz bergan

eʼlon qilindi
AES
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 600 mingdan ortiq kishilar turli bosqichlarda ishtirok etgan
Chernobil fojiasi: SSSR tarixidagi eng yirik fojia qanday yuz bergan
Foto: BBC videosidan ekran tasviri

Joriy yil Chernobil fojiasiga 40 yil to‘ldi. U SSSR tarixidagi eng yirik fojialardan biri bo‘lib, haligacha Sharqiy Yevropa uchun eng sukunatli hudud bo‘lib qolmoqda. BBC Chernobil AES hududidan yangi tasvirlarni e’lon qildi.

Fojia qanday yuz bergan

1986-yil 26-aprelga o‘tar kechasi Ukrainadagi Chernobil atom elektr stansiyasida insoniyat tarixidagi eng yirik texnogen halokatlardan biri sodir bo‘ldi. To‘rtinchi energoblokda o‘tkazilgan sinov paytida reaktor boshqaruv tizimi izdan chiqdi va kuchli issiqlik portlashi yuz berdi. Portlash oqibatida reaktor ochilib ketdi va katta miqdorda radioaktiv modda atmosfera hamda atrof-muhitga tarqaldi.

Foto: BBC videosidan ekran tasviri

Halokatga RBMK tipidagi reaktorning konstruktiv kamchiliklari va operatorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar sabab bo‘lgan. Xususan, xavfsizlik sinovi davomida himoya tizimlari o‘chirib qo‘yilgan, reaktor esa beqaror rejimda ishlayotgan edi. Bu esa nazoratdan chiqishga olib kelgan.

Portlashdan keyin

Foto: BBC videosidan ekran tasviri

Portlashdan keyin reaktorda yong‘in boshlanib, radioaktiv moddalar bir necha kun davomida havoga chiqishda davom etdi. Natijada Belarus, Rossiya va Yevropaning bir qator davlatlari hududlari ham ifloslandi. Eng katta zarba stansiya yaqinidagi Pripyat shahriga tushdi. Bu yerda yashagan qariyb 50 ming aholi avariyadan bir kun o‘tib evakuatsiya qilindi.

Halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun yuz minglab odamlar jalb qilindi.

Foto: BBC videosidan ekran tasviri

Ular «likvidatorlar» deb ataladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 600 mingdan ortiq kishilar turli bosqichlarda ishtirok etgan. Ular orasida harbiylar, muhandislar, shifokorlar va oddiy ishchilar bor edi. Ko‘pchiligi yuqori darajadagi radiatsiya ta’siriga duchor bo‘lgan.

Portlashdan so‘ng dastlabki kunlarda 30 ga yaqin odamlar halok bo‘lgan. Keyingi yillarda esa minglab odamlar radiatsiya bilan bog‘liq kasalliklar, xususan, saraton tufayli vafot etgani aytiladi. Bu raqamlar turli manbalarda turlicha baholanadi, chunki radiatsiyaning uzoq muddatli ta’sirini aniq hisoblash qiyin.

Foto: BBC videosidan ekran tasviri

Tarix saboqlari

Chernobil AES atrofida 30 kilometrlik taqiqlangan zona tashkil etildi. Bu hududda doimiy yashash taqiqlangan. Shunga qaramay, ayrim joylarda radiatsiya darajasi pasaygani sababli ilmiy tadqiqotlar va nazoratli tashriflar amalga oshirilmoqda.

Foto: BBC videosidan ekran tasviri

Chernobil fojiasi yadro energetikasi xavfsizligi masalasiga global e’tibor qaratdi. Ushbu hodisadan so‘ng xalqaro standartlar kuchaytirildi, ko‘plab davlatlar atom energetikasi siyosatini qayta ko‘rib chiqdi.

Kursiv Uzbekistan Atom energiyasi agentligi atom energetikasi bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangani haqida yozgan edi.

Shuningdek