Peugeot va Citroën 2026 Pekin avtosalonida to‘rtta yangi konseptni taqdim etdi

26-aprel 2026 09:10 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Peugeot va Citroën 2026 Pekin avtosalonida 4 ta yangi konseptni taqdim etdi
Foto: Dongfeng

2026-yilgi Pekin avtosalonida Peugeot va Citroën kompaniyalari to‘rtta yangi konsept avtomobilni namoyish etdi. Ushbu modellarning ilk seriyali versiyalari 2027-yildan boshlab ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Taqdim etilgan modellar orasida Concept 6 va Concept 8 alohida e’tibor qozongan. Concept 6 shooting brake uslubidagi dizaynga ega bo‘lib, yopiq panjara va «arslon panjasi» uslubidagi LED chiroqlar bilan ajralib turadi. Concept 8 esa yirik o‘lchamli SUV bo‘lib, yangi energiya segmentida flagman modelga aylanishi kutilmoqda.

Foto: Dongfeng

Har ikki model zamonaviy steer-by-wire boshqaruvi va haydovchiga yordam beruvchi tizimlar bilan jihozlanadi. Polygon konsepti esa kelajak texnologiyalarini sinovdan o‘tkazuvchi model sifatida taqdim etildi. Unda Hypersquare rul tizimi qo‘llangan bo‘lib, rul bilan g‘ildiraklar o‘rtasida mexanik bog‘lanish yo‘q. Boshqaruv to‘liq elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Avtomobil ichki qismi ham innovatsion bo‘lib, 3D printerda yaratilgan o‘rindiqlar va to‘liq shaffof tom dizayni qo‘llanilgan.

Foto: CarNewsChina

Citroën tomonidan taqdim etilgan ELO konsepti esa to‘liq elektr platformaga asoslangan ixcham MPV hisoblanadi. Avtomobilning uzunligi 4 100 mm bo‘lib, qarama-qarshi ochiluvchi eshiklar va markazda joylashgan haydovchi o‘rindig‘i bilan ajralib turadi. Model 4 yoki 6 o‘rinli konfiguratsiyada ishlatilishi mumkin. Shuningdek, u V2L funksiyasi orqali tashqi qurilmalarni quvvat bilan ta’minlay oladi.

Kompaniyalar ushbu konseptlar orqali 2027-yildan boshlab yangi texnologiyalarni seriyali avtomobillarga joriy etishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng qimmat 2026 Chevrolet Equinox narxi $46,5 mingga yetgani haqida yozgan edi.

Shuningdek