«Qamchiq» dovonida ikki fuqaro qutqarib qolindi — video

FVV qutqaruvchilari «Qamchiq» dovonida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki nafar fuqaroning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, A-373 avtomobil yo‘lining «Vodiy – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Volga» rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada transport vositasi yo‘l chetidagi soyga tushib ketgan.
Hodisa haqida «112» tizimi orqali «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasiga xabar berilgan. Qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, avtomobil ichida bo‘lgan ikki nafar fuqaroni olib chiqqan. Jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatilgan va ular tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan. Qutqaruv ishlari davomida maxsus texnika yordamida avtomobil ham soy ichidan chiqarilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘istonda daraga qulagan mikroavtobus olib chiqilgani haqida yozgan edi.