
Angliyaning «Koventri Siti» klubi 26-aprel kuni o‘z maydonida «Reksxem»ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, Chempionship g‘olibiga aylandi. Ushbu natija bilan Frenk Lempard jamoasi APL yo‘llanmasini naqd qildi.

Uchrashuvning 19-daqiqasida Brandon Tomas-Asante mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi, ammo «Reksxem» vakili Oliver Retboun tezda muvozanatni tikladi. O‘yin yakunlanishiga 10 daqiqa qolganida Viktor Torp jarima zarbasidan gol urdi, Efron Meyson-Klark esa qo‘shib berilgan vaqtda yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Uelsning «Reksxem» jamoasi so‘nggi tur oldidan pley-off uchun kurashayotgan «Xall» bilan bir xil 70 ochko to‘plagan. Pley-offning so‘nggi yo‘llanmasi taqdiri shanba kuni bo‘lib o‘tadigan «Midlsbro»ga qarshi o‘yinda hal qilinadi. Shuningdek, pley-offga da’vogarlar qatorida bitta ochko kam jamg‘argan «Derbi» klubi ham mavjud.
«Koventri» bosh murabbiyi Frenk Lempard o‘yindan so‘ng muxlislarga minnatdorchilik bildirdi.
«Klub uni qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar kabi buyukdir. Eng katta quvonchlardan biri sizlarga shu lahza zavqini berishdir. Bu lahza sizniki», – dedi murabbiy.

Ma’lumot uchun, Chempionshipda 46 ta tur yakunlangach 3 – 6-o‘rinlarni egallagan jamoalar Premyer-ligaga chiqish uchun qo‘shimcha pley-off o‘yinlarida ishtirok etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mikel Arteta «Bornmut»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng uzr so‘ragani haqida xabar bergan edi.
