
Mutaxassislar iPhone 17 o‘rniga munosib raqobatchilarni atadi. Ularga ko‘ra, Xitoy flagmanlari bir qator texnik ko‘rsatkichlar bo‘yicha Apple qurilmasidan ustun.
Oppo brendining Find X9 Pro modeli kamera imkoniyatlari bilan ajralib turadi. U 200 MP periskop teleobyektivga ega. Bu esa uzoq masofada ham aniq va detalli suratlar olish imkonini beradi. Qurilmada Hasselblad rang sozlamalari qo‘llanilgan. Batareyasi 7500 mA/soat bo‘lib, ikki kungacha ishlay oladi.

Honor Magic 8 Pro ham kuchli imkoniyatlarga ega. Unda 7100 mA/soatli kremniy-uglerod batareya o‘rnatilgan. 100 Vt zaryad orqali 40 daqiqada to‘liq quvvatlanadi. Displey yorug‘ligi 6000 nitgacha yetadi. Kamerasida 200 MP periskop linza bor.
Xiaomi 17 modeli kompakt flagman sifatida baholanmoqda. U 6330 mA/soat batareya va 100 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Leica bilan hamkorlikda ishlangan kamera tizimi 8K video yozish imkoniga ega.

OnePlus 15 modeli esa yuqori yangilanish chastotasi bilan ajralib turadi. 165 Hz displey o‘yinlar uchun juda qulay. Smartfon 7300 mA/soat batareya va 50 MP uchta kamera bilan jihozlangan.
Vivo X300 Pro asosan foto va videoga ixtisoslashgan. Unda 200 MP teleobyektiv va Zeiss optikasi bor. Mutaxassislar fikricha, kamera sifati bo‘yicha u hatto iPhone 17 Pro‘dan ham ustun.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ai+ Nova 2 va Ai+ Nova 2 Ultra modellari taqdim etilgani haqida yozgan edi.