
Turkiya Superligasining 31-turi doirasida «Galatasaroy» o‘z maydonida «Fenerbahche» ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada mezbonlar turnir jadvalidagi peshqadamligini yanada mustahkamladi.
«Galatasaroy» safida gollarga 40-daqiqada Viktor Osimxen, 67-daqiqada Barish Alper Yilmaz va 83-daqiqada Lukas Torreyra mualliflik qildi. Uchrashuv boshida, aniqrog‘i 13-daqiqada «Fenerbahche» vakili Anderson Taliska penaltidan unumli foydalana olmadi. Osimxeyn hamda Torreyra tomonidan 54 va 57-daqiqalarda kiritilgan gollar VAR tizimi qaroriga ko‘ra ofsayd sababli bekor qilindi.
O‘yinning 62-daqiqasida «Fenerbahche» darvozaboni Ederson ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng «Galatasaroy» hisobidagi ochkolar soni 74 taga yetgan bo‘lsa, «Fenerbahche» 67 ochko bilan qoldi. Agar «Galatasaroy» kelasi haftada bo‘lib o‘tadigan safar uchrashuvida «Samsunspor»ni mag‘lub etsa, muddatidan avval chempionlikni rasmiylashtiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Galatasaroy» Chempionlar ligasida «Liverpul»ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.
