Maykl Jekson haqidagi film $97 mln tushum bilan rekord o‘rnatdi

eʼlon qilindi
«Maykl» (Michael) filmi jahon miqyosida $217 mln ishlab, o‘z janrida eng kassabop kartinaga aylandi
Foto: People.com

Dam olish kunlari ekranlarga chiqqan Maykl Jekson haqidagi «Maykl» (Michael) filmi faqatgina Shimoliy Amerika prokatida $97 mln mablag‘ to‘plab, tarixiy rekord o‘rnatdi. Jahon bo‘ylab umumiy tushum esa qariyb $217 mln ga yetgan. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.

Film musiqiy biografik kartinalar bo‘yicha «Ko‘chalar ovozi» (Straight Outta Compton) va umumiy biografik filmlar bo‘yicha «Oppengeymer» (Oppenheimer) o‘rnatgan rekordlarni ortda qoldirdi. BoxOffice Pro dastlabki prognozlarida dastlabki tushum $65–75 mln atrofida bo‘lishi kutilgan edi.

«Maykl» (Michael) hozirda 2026-yilning eng yirik ikkinchi debyuti hisoblanadi. Antuan Fukua rejissyorligida ishlangan va Jaafar Jekson bosh rolni ijro etgan kartina tanqidchilar tomonidan past baholandi. Rotten Tomatoes agregatorida u 38 foiz ijobiy reyting olgan bo‘lsa-da, oddiy tomoshabinlar bahosi 97 foizni tashkil qildi.

Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, $150 mln byudjetga ega film xarajatlarini qoplash uchun taxminan $500 mln ishlab topishi kerak. O‘tgan yili film ijodkorlari 1994-yildagi sud kelishuvi shartlarini buzmaslik maqsadida xonandaga qo‘yilgan ayblovlar aks etgan yakuniy qismni bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Qayta suratga olish ishlari qo‘shimcha $25–50 mln xarajat talab qilgani aytilmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Maykl Jeksonning merosi 2009-yildan buyon $3 mlrddan ortiq daromad keltirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Netflix «Shelbilar oilasi: O‘lmas odam» filmining to‘liq treylerini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek