Nima uchun Rossiya Berlinni yonilg‘i bilan ta’minlaydigan Qozog‘iston neft ta’minotini to‘sib qo‘ymoqda

Rossiya 1-maydan boshlab Qozog‘iston neftining Germaniyadagi Shvedt neftni qayta ishlash zavodiga tranzitini to‘xtatmoqchi. Ushbu zavod Berlin dizel yonilg‘i ehtiyojining 90 foizidan ortig‘ini qoplaydi, deya yozmoqda Oninvest nashri.
Avval zavod Rosneftga tegishli edi. Biroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Germaniya uni nazoratga oldi. Shundan so‘ng xomashyo Rossiya o‘rniga Qozog‘istondan yetkazib berila boshlandi. Neft «Drujba» neft quvuri orqali Rossiya hududi orqali o‘tib kelardi.
Mutaxassis Sergey Vakulenko bu qaror ortida ikki asosiy sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Birinchi sabab — Germaniyaga bosim o‘tkazish. Ya’ni Yevropani sanksiyalarni yumshatishga majbur qilish yoki ularning narxini oshirishga urinish. Bu ayniqsa neft bozori tang bo‘lgan paytda sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ikkinchi ehtimol — Qozog‘istonga yangi yo‘nalish taklif qilish. Rossiya neftni o‘z portlari orqali eksport qilishni taklif etib, bu obyektlarni Ukrainadan kelayotgan dron hujumlaridan «himoya qalqoni» sifatida ishlatmoqchi bo‘lishi mumkin.
Biroq bu qaror ikki tomon uchun ham xavfli. Germaniyaga kuniga taxminan 40 ming barrel neft yetkaziladi. Shu bilan birga, Rossiyadan Xitoyga Qozog‘iston orqali kuniga qariyb 200 ming barrel neft o‘tadi. Agar tranzit zanjiri buzilsa, bu boshqa yo‘nalishlarga ham ta’sir qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Rossiya «Drujba» quvuri orqali Qozog‘iston neftini Germaniyaga yetkazishni to‘xtatishi mumkinligi haqida yozgan edi.