O‘zbekistonda agrovoltaika orqali 10 gigavattgacha «yashil» energiya yaratish rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
Quvadagi ilk tajriba doirasida 110 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi va energiya ishlab chiqarish tizimi birlashtirildi
Foto: president.uz

O‘zbekistonda agrovoltaika yo‘nalishida 10 gigavattgacha elektr energiyasi yaratish salohiyati mavjudligi ta’kidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Quva tumanida ushbu ilg‘or texnologiya joriy etilgan ilk agromajmua faoliyati bilan tanishdi.

Agrovoltaika usuli bir hududning o‘zida ham dehqonchilik qilish, ham quyosh panellaridan elektr energiyasi olish imkonini beradi. Quva tumanida barpo etilgan 110 gektarli majmuada jami 10 ming dona quyosh paneli o‘rnatilgan.

Foto: president.uz

Ushbu panellar ekinlarga soya berish orqali tuproq namligini uzoqroq saqlaydi hamda suv sarfini qisqartiradi, o‘z navbatida, o‘simliklar ham yer haroratini me’yorda ushlab turib, modullarning yanada samarali ishlashiga sharoit yaratadi.

Majmua o‘zida intensiv bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilikni uyg‘unlashtirgan. Masalan, baliqchilik hovuzlariga ishlab chiqarilgan elektr energiyasi orqali kislorod beriladi, mineral moddalarga boyitilgan hovuz suvi esa uzumzorlarni sug‘orishga sarflanadi.

Shuningdek, ekin maydonlarida Avstriyaning Bauer kompaniyasi texnologiyasi asosida yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilingan. Bu usul oldingi sinovlarda suv sarfini 40 foizga, o‘g‘it sarfini 35 foizga kamaytirish va hosildorlikni 25 foizga oshirish imkonini bergan edi.

Foto: president.uz

Hozirda hududda eksportbop Avatar uzum navi yetishtirilmoqda va zotdor mollar parvarishlanmoqda. Loyiha tufayli 350 kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, yillik eksport hajmi $2,5 mlnni tashkil qiladi. Kelgusida mazkur tajribani O‘zbekistonning 13 ta hududida, jami 2 ming gektar maydonda keng miqyosda tatbiq etish maqsad qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Karkidon majmuasida bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek