Qaysi banklarda muammoli kreditlar miqdori yuqori

1-aprel holatiga ko‘ra, mart oyida banklardagi muammoli kreditlar (NPL) umumiy miqdori 19,9 trln so‘mga tushgan. Bu ko‘rsatkich fevral oyi bilan solishtirilganda qariyb 2 foizga, ya’ni 400 mlrd so‘mga tushgan. Fevral oyida bu ko‘rsatkich 20,3 trln so‘mni tashkil etgandi.
Jami kreditlardagi NPL ulushi 3,2 foizga tushdi. Fevral oyida bu ko‘rsatkich 3,3 foizni tashkil qilgan. 1-aprel holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfeli 623,3 trln so‘mni tashkil qilgan. Fevral oyiga nisbatan 9,6 trln so‘mga oshgan.
Davlat banklarida
Muammoli kreditlarning asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklarga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning jami miqdori 14,3 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan.
Davlat banklari orasida qaytarilmayotgan kredit qarzdorligi eng yuqori bank sifatida fevral oyida ham «O‘zmilliybank» 3 trln so‘m bilan yetakchilik qilgan. Bankning jami kreditlardagi NPL ulushi esa 3,3 foizdan 2,9 foizga tushgan.
Shuningdek, «Agrobank»da 2,8 trln so‘m (NPL 3,2%), «O‘zsanoatqurilishbank»da 2,3 trln so‘m (3,7%), «Asaka bank»da 1,7 trln so‘m (4,2%) va Xalq bankida 1 trln so‘mga (3%) yetgan.
Xususiy banklarda
Xususiy banklarda kredit portfeli 4,4 trln so‘mga oshib, 207,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, NPL miqdori esa 5,6 trln so‘mga yetgan. Kredit portfelidagi umumiy ulush 2,7 foizni saqlab qolgan.
Muammoli kreditlar ko‘rsatkichi yuqori banklar qatorida «Ipoteka-bank» 941 mlrd so‘m (portfeldagi ulushi 2,6%) so‘m bilan yetakchi o‘rinda turibdi.
Xususiy banklarda kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi yuqori banklar esa quyidagilar:
- «Poytaxt bank» – 25,6% (muammoli kreditlar 71 mlrd so‘m);
- «Garant bank» – 11,9% (179 mlrd so‘m);
- «TBC bank» – 7% (625 mlrd so‘m).
Ma’lumot uchun, muammoli kredit (NPL) deb to‘lov muddati 90 kundan oshgan va qaytarilmayotgan kreditlarga aytiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan muammoli kreditlar boʻyicha yetakchilik qilayotgan «Poytaxt Bank» rahbari ishdan olingani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, 2026-yil 20-aprel kuni «Poytaxt Bank» AJ boshqaruv raisi Dilshod Pulatov lavozimidan ozod etildi. Qaror bankning yagona aksiyadori tomonidan qabul qilindi.