Tramp suiqasd urinishini siyosiy kuch ramzi deb atadi

AQSH prezidenti Donald Trampga nisbatan yana bir suiqasd urinishi qayd etildi. Hodisa Vashingtondagi rasmiy tadbir paytida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Oq uy muxbirlari uyushmasi kechasi davomida noma’lum shaxs qurol bilan xavfsizlik chizig‘ini buzib o‘tgan. Shu paytda tadbirda qatnashgan minglab mehmonlar yerga yotib himoyalangan, Qo‘shma Shtatlar maxfiy xizmati esa prezident va boshqa mansabdorlarni tezda xavfsiz joyga olib chiqqan.
Hodisadan ko‘p o‘tmay, Tramp Oq uyda chiqish qilib, bu vaziyatni o‘z siyosati bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, inson ta’sirli bo‘lsa, unga qarshi chiqishadi. Prezident shu orqali hujumni o‘z faoliyatining ahamiyati bilan izohladi.
Tramp mazkur chiqishida yangi Oq uy bal zali qurish tashabbusini ham yana bir bor ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, yangi binoda xavfsizlik darajasi yuqori bo‘ladi. U bunday obyektni qurish zarurligini aytib, uni qo‘llab-quvvatlash uchun qonunchilik tashabbuslari tayyorlanayotganini bildirdi.
Avvalroq ham Trampga nisbatan bir necha bor hujum urinishlari qayd etilgan. 2024-yilda Pensilvaniyadagi mitingda u qurolli shaxs tomonidan yaralangan, shuningdek, Floridada yana bir hujum rejasi bartaraf etilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp ishtirok etayotgan tadbirda otishma yuz bergani haqida yozgan edi.