Xitoy Meta’ning 2 mlrd dollarlik AI startapini sotib olishni bekor qildi

Xitoy hukumati Meta kompaniyasining AI startap Manus’ni $2 mlrdga sotib olish bitimini bekor qildi. Bloomberg yozishicha, bu qaror texnologiya oqib ketishi xavfi bilan izohlangan.
Mamlakatning rivojlanish va islohotlar komissiyasi bitimni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma berdi. Avvalroq ushbu kelishuv bo‘yicha tekshiruv ham boshlangan edi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoy so‘nggi paytda sun’iy intellekt kompaniyalariga nisbatan nazoratni kuchaytirgan. Hukumat strategik texnologiyalar chetga chiqib ketishidan xavotirda.
Meta ushbu startapni sotib olish rejasini 2025-yil dekabr oyida e’lon qilgan edi. Ammo tanqidchilar bu bitim orqali muhim texnologiyalar AQShga o‘tib ketishini aytib chiqqan.
Oninvest xabar berishicha, Meta aksiyalari 27-aprel kuni savdolar oldidan biroz pasaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta kompaniyasi o‘zining yangi sun’iy intellekt (SI) mahsuloti – Muse Spark’ni taqdim etgandi. Bu loyiha kompaniyaning SI yo‘nalishidagi qayta tashkil etilgan jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan ilk mahsulot hisoblanadi.
Model matn, rasm, video va ovozni tahlil qila oladi. U foydalanuvchi savollariga javob beradi, fotosuratlar asosida ma’lumot beradi va hatto mini-o‘yinlar ham yaratishi mumkin.