Arxiv xizmatlarida ortiqcha hujjatlar talabi bekor qilindi

O‘zbekistonda arxiv xizmatlarini ko‘rsatish tartibi soddalashtirilib, ayrim ortiqcha hujjatlar talabi bekor qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qonunchilikka ko‘ra, endilikda talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirish bo‘yicha kompetentligini baholashda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiyanomasi talab etilmaydi. Bu o‘zgarish soha mutaxassislari uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mavzuli so‘rovlar yuzasidan ma’lumotnoma berishda endi so‘ralayotgan hujjatning nusxasini taqdim etish majburiyati ham bekor qilindi. Bu esa fuqarolar va tashkilotlar uchun arxiv xizmatlaridan foydalanishni yanada qulaylashtiradi.
Bundan tashqari, davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini, shuningdek, Milliy arxiv fondining nodavlat qismiga kiritilgan hujjatlarni vaqtincha O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqish uchun ruxsatnoma olishda hujjatlarni tasarrufdan chiqarish yoki bir shaxsdan boshqasiga o‘tkazish shaklini tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinmaydi.
Yana bir muhim o‘zgarish sifatida, tijorat tashkilotlari hujjatlarining belgilangan tartibda davlat arxiviga topshirilganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma ham endi talab etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlik faoliyatiga davlat organlari aralashuvining shaffofligini oshirishga qaratilgan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi ishga tushirilishi haqida yozgan edik.