
Foto: Instagram / Eldor Shomurodov
Turkiya chempionatining 31-turi yakunlariga ko‘ra, «Istanbul Bashakshehir» va O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Sofascore talqiniga ko‘ra, haftaning eng yaxshi futbolchilari qatoriga kiritildi.
Ramziy jamoadan Shomurodovning jamoadoshi Ivan Brnich va «Galatasaroy» yarim himoyachisi Lukas Toreyra ham o‘rin oldi. Shuningdek, «G‘oztepe» vakili A. Kurtulan va «Eyupspor» a’zosi Umut Bozok ramziy jamoaning hujumkor chizig‘ini tashkil etgan.

Turkiya Superligasining 31-turida istanbulliklar «Qosimposho» ustidan 4:0 hisobidagi yirik g‘alabaga erishdi. Shomurodov uchrashuvning 5 va 87-daqiqalarida raqib darvozasini bosh bilan ishg‘ol qildi. Ushbu gollari evaziga futbolchi to‘purarlar poygasidagi mavqeyini mustahkamladi.
Ayni paytda uning hisobida 20 ta gol mavjud. To‘purarlar ro‘yxatida «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu 22 ta gol bilan peshqadamlikni saqlab turibdi.

Navbatdagi 32-tur doirasida «Istanbul Bashakshehir» jamoasi 2-may kuni safarda «Fenerbaxche» klubiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da start olishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Istanbul Bashakshehir» Shomurodovning transfer huquqini to‘liq sotib olgani haqida xabar bergan edi.