Farg‘onada investorlar uchun yangi markaz ishga tushdi

eʼlon qilindi
Mazkur markaz viloyat iqtisodiy salohiyatini namoyish etishga xizmat qiladi
Farg‘onada investorlar uchun yangi markaz ishga tushdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifining ikkinchi kunida Investorlar markazi faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbari yangi tashkil etilgan «Farg‘ona ekspo» majmuasini ko‘zdan kechirdi.

Mazkur markaz viloyat iqtisodiy salohiyatini namoyish etishga xizmat qiladi. U sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va eksportni rag‘batlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, investorlar uchun qulay muhit yaratish asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Majmua besh gektar hududda joylashgan. Bu yerda 200 dan ortiq korxonalar o‘z mahsulotlarini namoyish etishi mumkin. Markaz nafaqat ko‘rgazma, balki tadbirkorlar va investorlar uchun yagona muloqot maydoni sifatida ishlaydi.

Yangi 8 qavatli binoning pastki qavatlari savdo va investitsiya xizmatlari uchun ajratilgan. Yuqori qavatlar esa biznes vakillari uchun ofis sifatida taqdim etiladi. Bu yerda yil davomida turli yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy ko‘rgazmalar o‘tkaziladi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Prezidentga investitsiyalarni boshqarishga xizmat qiluvchi raqamli platformalar haqida ham ma’lumot berildi. Ular investorlarni yagona tizimda birlashtirib, loyihalarni shakllantirish va nazorat qilishni osonlashtiradi. Platforma «yagona darcha» tamoyili asosida ishlaydi.

Tashrif davomida prezidentga qator yirik investitsiya loyihalari taqdim etildi. Ular orasida Xitoy bilan savdo markazi qurish, Janubiy Koreya bilan energiya loyihalari, Turkiya bilan tibbiyot klasteri tashkil etish tashabbuslari bor.

Shuningdek, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari bilan hamkorlikda ichimlik suvi infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari ko‘rib chiqildi. Yangi mehmonxona, kongress markazi va elektromobil akkumulyatorlari ishlab chiqarish rejalariga ham e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri prezident Karkidon majmuasida bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek