Farg‘onadagi 10 ta mahallada 50-100 tonnalik kichik omborxonalar quriladi

Farg‘onadagi 10 ta mahallada 50-100 tonnalik kichik omborxonalar quriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Farg‘ona tumanidagi 15 ta mahallada 5 mingdan ortiq xonadon tomorqada malina yetishtirmoqda. Mahsulot pishgach, uni tez sotish muammosi yuzaga kelmoqda. Dehqonlar malina 2-3 kunda sotilmasa, narxi 20 foizgacha tushishini aytmoqda. Shuningdek, saqlash uchun yetarli omborxonalar yo‘qligi ham muammo bo‘lib qolmoqda.
Shu bois mutasaddilarga tumandagi 10 ta mahallada 50-100 tonnalik kichik omborxonalar qurish va ularni dehqonlarga imtiyozli lizing asosida berish topshirildi.
Umuman, joriy yilda 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot va 119 ming tonna sholi yetishtirish rejalashtirilgan. Meva-sabzavot eksportini 25 foizga oshirib, $500 millionga yetkazish muhim ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona sanoatiga sun’iy intellekt va startap ekotizimi joriy etilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, sanoat korxonalarida mehnat unumdorligini oshirish va energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida xorijdan nufuzli akselerator kompaniya jalb qilinadi.