Honor Play11C taqdim etildi: smartfon 190 dollardan boshlanadi

Honor kompaniyasi yangi budjet smartfoni Honor Play11C modelini taqdim etdi. Qurilma allaqachon rasmiy sayt va yirik onlayn platformalarda sotuvga chiqdi.
Narxi 4/128 GB versiya uchun $190 dan boshlanadi, 6/128 GB esa $220 atrofida baholangan.
Smartfon MediaTek Dimensity 6300 protsessorida ishlaydi. Unda 6,75 dyuymli HD+ IPS ekran o‘rnatilgan bo‘lib, 90 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma 5300 mA/soat sig‘imli batareyaga ega, 15 Vt tezkor quvvatlash mavjud.
Kameralar oddiy segmentga mos: old kamera 5 MP, asosiy kamera 13 MP. Smartfon qutidan MagicOS 9.0 tizimi bilan chiqadi. Qurilma qalinligi 7,89 mm, vazni 186 grammni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vivo Y500s smartfoni haqida ma’lumot berilgandi. Qurilma Y-seriyasini kengaytiradi va budjet segmentiga mo‘ljallangan.
Smartfon Snapdragon 4 Gen 2 protsessori asosida ishlaydi. Unda 12 GB gacha operativ va 512 GB gacha ichki xotira mavjud.