Luxeed R7 avtomobili global bozorga chiqishga tayyorlanmoqda

28-aprel 2026 16:49 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Luxeed R7 avtomobili global bozorga chiqishga tayyorlanmoqda
Foto: Luxeed

Huawei qo‘llab-quvvatlayotgan Luxeed R7 modeli xalqaro bozorga chiqishga tayyorlanmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.

Xorijdagi dilerlik kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar allaqachon boshlangan. Hozirda avtomobil turli mamlakatlar talablariga moslashtirilmoqda. Bunda texnik standartlar va mahalliy bozorlarga moslashuv asosiy e’tiborda.

Huawei vakili Yu Chengdong ham Luxeed R7 va S7 modellari xalqaro auditoriya e’tiborini tortayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, ularning kupe uslubidagi dizayni va ilg‘or sensor tizimlari ajralib turadi. Luxeed R7 premium segmentdagi elektr krossover sifatida pozitsiyalangan.

Foto: CarNewsChina

Uning aerodinamik qarshilik koeffitsienti 0,217 Cd bo‘lib, bu ommaviy ishlab chiqariladigan SUVlar orasida eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Model zamonaviy LiDAR tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, haydovchiga yordam beruvchi funksiyalarni kengaytiradi.

Avtomobil ikki turda taklif qilinadi. To‘liq elektr versiyasi 800 voltli platforma asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, maksimal quvvati 365 kVtga yetadi va 800 kmgacha yurish imkonini beradi. Gibridga yaqin EREV versiyasida esa 1,5 litrli turbomotor va elektr dvigatellar kombinatsiyasi qo‘llanadi. Bu variantning umumiy quvvati 382 kVtni tashkil etadi.

Chery kompaniyasi modelni global bozorga chiqarish uchun faol tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi. Bu jarayonda dilerlik tarmog‘i shakllantirilmoqda va texnik moslashuv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Tiggo X avtomobilining ichki qismi namoyish etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek