Mevalar indeksi: Toshkent bozorlarida qulupnay narxi qancha

Toshkentda ayni paytda qulupnay mavsumi qizg‘in pallada. Poytaxt bozorlaridagi narxlar joylashuv va navga qarab ancha farq qiladi. Kursiv Uzbekistan muxbiri shahardagi beshta yirik bozorni aylanib, 28-aprel holatidagi narxlarni o‘rganib chiqdi.
Eng arzon qulupnayni hozirda Qo‘yliq bozoridan topish mumkin. Bu yerda narxlar 1 kg uchun 15 ming so‘mdan boshlanadi, yirikroq hajmdagilari esa 25 ming so‘m turadi.
Keyingi o‘rinda Aviasozlar bozori. Bu bozorda sotuvchilar qulupnay uchun 1 kgiga 20–25 ming so‘m so‘ramoqda.

Poytaxtning asosiy tarixiy bozori — Chorsuda narxlar o‘rtacha darajada. Bu yerda 1 kg qulupnay 30 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
Oloy bozorida nisbatan qimmatroq narxlar kuzatildi. Mevaning ko‘rinishi va naviga qarab narxlar 35 mingdan 60 ming so‘mgacha yetadi.
Eng yuqori narxlar esa Mirobod (Gospital) bozorida qayd etildi. Bu yerda eng arzon qulupnay 40 ming so‘mdan boshlanadi. Yirik, saralangan va elita navlari esa 1 kg uchun hatto 130 ming so‘mgacha yetmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda naslli qoramol va go‘sht importi uchun yangi subsidiyalar joriy etilgan edi.