Nogironligi bo‘lganlar uchun «Yangi kun» parvarish xizmati joriy etiladi

eʼlon qilindi
Xizmat orqali fuqarolar kun davomida maxsus markazlarda parvarish qilinadi
Nogironligi bo‘lganlar uchun «Yangi kun» xizmati joriy etiladi
Foto: Pexels

2026-yil 1-iyungacha nogironligi bo‘lganlar uchun «Yangi kun» nomli kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident farmonida qayd etildi.

Yangi tizim mo‘’tadil, og‘ir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisi qo‘yilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni qamrab oladi. Bu xizmat orqali fuqarolar kun davomida maxsus markazlarda parvarish qilinadi.

Shundan so‘ng, 1-sentabrgacha uy sharoitida parvarish qilish tizimi joriy etiladi. Bu xizmat nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z uyida yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. 1-oktabrgacha kichik hajmli «Madad» uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu uylar oilaviy muhitga yaqin sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim yangilik — «Ijtimoiy ta’til» xizmati. U 1-noyabrgacha joriy etiladi. Mazkur xizmat doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar qisqa muddatga maxsus joylarga joylashtiriladi. Bu xizmat yiliga bir marta, ko‘pi bilan ikki hafta davomida ko‘rsatiladi va qonuniy vakil bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, 1-iyundan boshlab hududiy hokimliklar huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga «Inson» markazlari xodimlari kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri nogironligi bo‘lgan bolalar uchun «Erta aralashuv» xizmati joriy etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek