Qo‘qonda 70 million dollarlik yirik savdo majmuasi barpo etiladi

eʼlon qilindi
Loyiha mexanika zavodining past quvvatda ishlayotgan 11 gektar maydonida amalga oshiriladi
Foto: Uzbekistan.travel

Qo‘qon shahridagi mexanika zavodi hududida $70 mlnlik yirik savdo majmuasi barpo etilishi belgilandi. Prezident Farg‘ona viloyatidagi sanoat zonalarida jami $5 mlrdlik yangi loyihalarni boshlash hamda Andarxonda erkin savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Hozirda mexanika zavodi bor-yo‘g‘i 20 foiz quvvatda ishlayotgani sababli, uning o‘rnida zamonaviy kompleks qurish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Shu bilan birga, Farg‘ona viloyatidagi 1 ming 77 gektar ekin yerlari sanoat zonalari uchun ajratib berildi. Tuman hokimlari oldiga investitsiya sifatini asosiy mezon qilib belgilash vazifasi qo‘yildi.

Sanoat zonalaridagi har bir gektar yer yiliga kamida 50 mlrd so‘mlik mahsulot olib kelishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, Beshariq tumanidagi Andarxon mahallasida joylashgan 7 gektar maydonda erkin savdo zonasi tashkil etilishi belgilandi. Davlat rahbari investitsiya loyihalarini samarali tashkil etish va har bir gektar yerdan maksimal foyda olish zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada 7,4 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek