Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari keskin oshirilishi mumkin

eʼlon qilindi
Ayrim xizmatlar narxi 10 – 12 barobargacha oshishi mumkin
Мигранты в России
Foto: Pixabay

Rossiya hukumatida migrantlar uchun davlat bojlari keskin oshirilishi taklifi qo‘llab-quvvatlandi. RBC nashriga ko‘ra, ayrim xizmatlar narxi 10 – 12 barobargacha oshishi mumkin.

Yangi loyihaga binoan, Rossiya fuqaroligini olish yoki undan chiqish uchun to‘lov 4 200 rubldan 50 ming rublgacha ($56 – $667) oshiriladi. Shuningdek, mamlakatga kirish uchun taklifnoma 960 rubldan 8 ming rublga ($12,8 – $106,7) ko‘tarilishi mumkin. Vizalar narxi ham oshiriladi: oddiy viza 1 200 rubldan 2 ming rublga ($16 – $26,7), ko‘p martalik viza esa 1 920 rubldan 6 ming rublga ($25,6 – $80) yetadi.

Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi 1 920 rubldan 15 ming rublga ($25,6 – $200), doimiy yashash uchun ruxsatnoma esa 6 ming rubldan 30 ming rublga ($80 – $400) oshirilishi rejalashtirilgan. Yangi boj turlari ham joriy etiladi, jumladan, hujjatlarni qayta tiklash uchun alohida to‘lov belgilanadi.

Ma’lum qilinishicha, bu o‘zgarishlar davlat xarajatlarini qoplash uchun kiritilmoqda. Biroq bojlarning keskin oshishi ayrim migrantlarni norasmiy ishlashga o‘tishga majbur qilishi mumkin. Shu bilan birga, ish beruvchilar uchun ham xorijiy ishchi yollash xarajatlari ortadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi bojlar Davlat budjetiga qo‘shimcha daromad keltiradi. 2026-yil 1-iyuldan boshlab yiliga 7,9 mlrd rubl ($105,3 mln), 2027-yildan esa 15,8 mlrd rubl ($210,6 mln) tushum kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar Rossiyadan boshqa qayerlarda ishlashi mumkinligi haqida ma’lumot berilgandi. Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida jami 1,3 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, ularning qariyb 1 mln nafari mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek