Alternativasiz tanlov: Qanday qilib Max ilovasi O‘zbekistonda yetakchiga aylandi

29-aprel 2026 16:46 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Rasm SI yordamida yaratilgan

Sensor Tower tahliliy platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, Max messenjeri O‘zbekistonda Play Market orqali eng ko‘p yuklab olingan ilovaga aylandi. Rossiyada Telegram va Whatsapp messenjerlarining cheklanishi fonida Max messenjeri O‘zbekistonda ommalashmoqda. Kursiv Uzbekistan ayni paytda Rossiya Federatsiyasida istiqomat qilayotgan va Max ilovasidan foydalanayotgan o‘zbekistonlik bilan suhbatlashdi.

Mundarija

29-aprel holatiga ko‘ra, Play Market bepul ilovalari reytingida fon rejimida ishlovchi JanaTube ilovasi ikkinchi o’rinda bo‘lsa, Max messenjeri yetakchilikni egallab turipdi. Kuchli uchlikni MyGov ilovasi yakunlagan. Garchi App Store platformasida Max hozircha 6-o‘rinni band etib turgan bo‘lsa-da, Android qurilmalaridagi o‘sish dinamikasi yuqori.

Ekran tasviri

Tanlov emas, yagona vosita

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshimizning so‘zlariga ko‘ra, ilova ixtiyoriy tanlov emas, balki aloqada qolish uchun yagona vositaga aylanib ulgurgan.

«Max ilovasini o‘rnatishimning asosiy sababi bu oila a’zolarim bilan muloqotlashish. Men uning Telegram yoki WhatsApp messenjerlaridan ustunligini sezmadim. Rossiya hududida ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar orasida aynan Telegram va WhatsApp bloklanishi tufayli hozirda Max ilovasidan foydalanyapman», — deydi suhbatdoshimiz.

Messenjer o‘zida bir qancha qo‘shimcha qulayliklarni, jumladan, GigaChat sun’iy intellekt funksiyasini ham taklif etmoqda. Biroq o‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun ilovaning eng muhim va deyarli yagona kerakli funksiyasi bu – qo‘ng‘iroq sifatidir.

«Bu ilovada qo‘ng‘iroq sifati zo‘r ekan. Tarmoq yomon holatda ham yaxshi ishlaydi. GigaChat funksiyasidan esa hali foydalanishga ulgurmadim. Hali aytganimdek, men bu ilovadan faqatgina oila a’zolarim bilan muloqotlashish uchun foydalanyapman», — deya ta’kidladi u.

Xavfsizlik xavotirlaridan ustun kelgan zarurat

Max messenjeri davlat xizmatlariga bog‘langani va xavfsizlik masalasi bo‘yicha tanqidchilar tomonidan turli shubhalar bildirilayotganiga qaramay, muhojirlar uchun aloqa masalasi ustuvorlik qilmoqda. Vatandoshimizning qayd etishicha, muqobil variantlarning yo‘qligi odamlarni shaxsiy xavfsizlik haqidagi o‘ylardan chalg‘itgan.

«To‘g‘ri, ilova VK Company tizimiga bog‘langan. Lekin ayni paytda Rossiya hududida muloqot uchun Max dan boshqa ilova VPNsiz ishlamayotgan bir vaqtda boshqa iloj ham yo‘qda aslida. Hatto ba’zi paytlar VPN qo‘shilgan paytda ham deyarli barcha mashhur ilovalar ishlamayapti», — deya tushuntirdi o‘zbekistonlik migrant.

Raqamlar: O‘zbekiston MDHda peshqadam

VK Company e’lon qilgan rasmiy relizga ko‘ra, aprel oyi boshida ilovada ro‘yxatdan o‘tganlar soni 110 mln kishiga yetgan va kunlik auditoriya 80 mln foydalanuvchidan oshgan. Xorijiy segmentda 7 mln foydalanuvchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 90 foizi MDH davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirovning ta’kidlashicha, 2026-yil 31-mart holatiga ko‘ra Rossiyada jami 1,3 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Ulardan qariyb 1 mln nafari u yerda mehnat faoliyati bilan band. Ishlayotgan hamyurtlarimizning 900 mingdan ortig‘i rasmiy patent asosida qonuniy mehnat qilmoqda.

Rasm SI yordamida yaratilgan

E’tiborli jihati, ro‘yxatdan o‘tish ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston ilk bor Belarusni ortda qoldirib, mutlaq yetakchilikni qo‘lga oldi. Undan keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston egallamoqda. Chet ellik foydalanuvchilar Max orqali kuniga 1,5 mln marta qo‘ng‘iroq qilib, 20 mln dan ortiq xabarlar almashishmoqda.

WhatsApp’ning yopilishi va Telegram’dagi cheklovlar

O‘zbekistonliklar o‘rtasida messenjerning bu qadar tez ommalashishi bevosita Rossiyada yuz berayotgan voqealar bilan izohlanadi. So‘nggi oylarda Rossiya hududida eng ommabop aloqa vositasi bo‘lgan WhatsApp butunlay bloklandi. Bunga Meta kompaniyasining Rossiya qonunlariga rioya qilmaganligi va taqiqlangan kontentlarni o‘chirmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Britaniya xalqaro xavfsizlik instituti (BISI) hisobotiga ko‘ra, to‘liq bloklanish ortidan WhatsApp’ning mamlakat ichidagi faol trafigi deyarli nolga tushgan. Shu bilan birga, Nest Centre ma’lumotlariga tayanilsa, aloqa sifatining yomonlashuvi natijasida Rossiyada Telegram messenjerining kundalik foydalanuvchilari ulushi ham qisqa vaqt ichida 62 foizdan 47 foizgacha keskin pasayib ketgan.

Ushbu pasayish asosan Roskomnadzor tomonidan Telegram faoliyatini sun’iy sekinlashtirish va qisman cheklash choralari faol qo‘llanilayotgani bilan bog‘liq. Bunday keskin cheklovlar fonida VK Company aksiyalari narxi 3,38 foizga o‘sib, kompaniya Max messenjerini milliy muqobil sifatida faol targ‘ib qilmoqda.

Shuningdek