Bag‘dod tumaniga yangi hokim tayinlandi

Isaqov Hojiqo‘zijon Qosimjonovich Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xalq deputatlari Bag‘dod tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
Sessiyada Bog‘dod tumani hokimi lavozimidan ozod etilgan G‘anijon Soliyev o‘rniga yangi hokim tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala muhokama qilindi.
Viloyat hokimi tomonidan taqdim etilgan Isaqov Hojiqo‘zijon Qosimjonovich nomzodi tuman deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va Bag‘dod tumani hokimi etib tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Isaqov 1985-yilda Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan. U Farg‘ona politexnika instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida 426-xo‘jaliklararo ixtisoslashgan ko‘chma mexanizmlar kolonnasi MChJ rahbari, «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi Farg‘ona viloyati filiali direktori, shuningdek, viloyat hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumaniga yangi hokim tayinlangan edi.